Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida pul muomalasi, kredit tizimi, xususan O’zbekiston Respublikasi kredit tizimini o’ziga xos xususiyatlari, bank tizimi, O’zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish va erkinlashtirish, banklarda bozor talablariga mos keluvchi xizmat turlarini tadbiq qilish, mijozlarning talab va takliflarini hisobga olish, yangi kredit vositalarini qo’llash, turli kredit institutlarini tashkil etishi bilan bog’liq jarayonlarini yuzaga keltirdi.


Bozor iqtisodiyoti bo’lajak iqtisodchilardan statistika fani va faoliyati bo’yicha bilimlarni olish, real statistik ma'lumotlarni to’plash, qayta ishlash va tahlil qilish ko’nikmalarini paydo qilishni taqozo etadi. Statistika fani yordamida ommaviy hodisa va jarayonlar to’qrisidagi  ma'lumotlarni to’plash, ishlov berish, tahlil va talqin qilinishning umumiy qoida va usullari o’rganiladi. Shuningdek, bu fan iqtisodiyotda sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlarni makro va mikro darajada o’rganadi, tahlil qiladi va statistik bashoratlaydi. Shu bilan bir  qatorda bozor iqtisodiyoti faoliyatining shartlari, jarayonlari va natijalarini  hamda jamiyat taraqqiyoti qonunlarini va rivojlanish  tendentsiyalarini statistik ko’rsatkichlarda aks ettiradi.

Talaba bu kursni tugatgach, iqtisodiyotda yuz berayotgan jarayonlarni miqdoriy baholash uchun dastlabki ma'lumotlarni to’plash, statistik ko’rsatkichlarni hisoblash, tahlil va talqin qilish, iqtisodiy diagnostika bilan shuqullanish va boshqa ko’nikmalarga ega bo’lib, iqtisodiy hodisa va jarayonlarni miqdoran va sifat jihatidan baholash bo’yicha chuqur nazariy  va amaliy bilimlarni shakllantiradi.